Poytaxtda “Classical music fest in Tashkent” musiqa festivaliga start berildi
23 Sep, 2025 - 09:00
119
Poytaxtda “Classical music fest in Tashkent” musiqa festivaliga start berildi
22-sentyabr kuni O‘zbekiston Xalqaro Anjumanlar saroyida 3-oktyabrgacha davom etadigan “Classical music fest in Tashkent” musiqa festivaliga start berildi.
“Toshkent klassik musiqa festivali” (“Classical music fest in Tashkent”) musiqa festivali Yevropaning madaniyatni qo‘llab-quvvatlash fondi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
2025-yil 22-sentyabrdan — 3-oktyabrgacha davom etadigan mazkur musiqa festivali bu — yurtimiz san’at olamida yangi tashabbus bo‘lib, mazkur festivalda Behzod Abduraimov, Stanislav Yudenich, Maksim Vengerov, Mark Bushkov, Yekwon Sunwoo, Aleksandr Chaushyan, Mixail Pletnyov, Sergey Krilov singari dunyoning taniqli musiqachilari O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamrohligida o‘z konsertlarini taqdim etishadi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 22-sentyabr kuni O‘zbekiston Xalqaro Anjumanlar saroyida “Classical music fest in Tashkent” musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur matbuot anjumanida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev, taniqli pianinochi Behzod Abdurahimov, O‘zbekiston milliy simfonik orkestri bosh dirijyori Alibek Kabduraxmonov, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Kamoliddin O‘rinboyev hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanidan so‘ng, soat 19:00da O‘zbekiston Xalqaro Anjumanlar saroyi sahnasida AQShning Park universiteti Xalqaro musiqa markazi rezident ijrochisi Behzod Abdurahimovning O‘zbekiston milliy simfonik orkestri hamrohligidagi katta konserti bo‘lib otdi.
Ushbu konsertda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosari Yusufjon Usmonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev hamda boshqa madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etishdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad — bugungi globallashuv jarayonida o‘zbek madaniyati va san’atini xalqaro maydonda yanada kengroq targ‘ib qilish, shu bilan birga yurtimizda jahon klassik musiqasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish, xorijdagi taniqli musiqa ijrochilarining tajribalaridan muxlislarni muntazam xabardor qilib borish hamda ular ishtirokida mahorat darslari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro miqyosdagi turli tanlov va festivallarda sohaning yetuk mutaxassislari va jamoalari ishtirokini ta’minlashdan iboratdir.