Madaniyat vazirligining 2025-yil I yarim yilligida amalga oshirgan ishlari natijadorligi hamda II yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

23 Jul, 2025 - 15:00
162
Madaniyat vazirligining 2025-yil I yarim yilligida amalga oshirgan ishlari natijadorligi hamda II yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Madaniyat vazirligining 2025-yil I yarim yilligida amalga oshirgan ishlari natijadorligi hamda II yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 23-iyul kuni Madaniyat vazirligining 2025-yil I yarim yilligida amalga oshirgan ishlari natijadorligi hamda II yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hay’at yig‘ilishida teatr, sirk, ta’lim muassasalari va madaniyat markazlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi rejalari, 2025-yilgi davlat dasturi ijrosi, ijro intizomini mustahkamlash va sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalari, sohada moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilgan ishlar va kelgusi rejalari, konsert-tomosha muassasalari hamda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalari, kinematografiya sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov, vazir o‘rinbosari Yusufjon Usmonov, vazirlik bo‘lim boshlig‘i - Farrux Batirov, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hisobot berdi.

“Hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan madaniyat va san’at sohasiga berilayotgan e’tibor natijasida bugun barcha yo‘nalishlarda tub islohotlar amalga oshirilayotgani, madaniyat muassasalari infratuzilmasi yangilanayotgani hamda ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Xususan, madaniyat va san’at sohasi xodimlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab – 20 foizga, 2025-yil 1-iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshirildi. Madaniyat markazlari, badiiy havaskorlik jamoalari hamda bolalar musiqa maktablari reja asosida musiqa cholg‘u asboblari bilan ta’minlandi. Jonli ijro bo‘yicha san’atkorlarga imtiyozlar berildi. Bunday islohotlarni uzoq sanab o‘tish mumkin. Ushbu islohotlarga munosib javob berish har bir rahbar va soha vakilidan ulkan mas’uliyat talab etishi, uni har bir rahbar his etib, shunga munosib faoliyatini tashkil etishi lozim” - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.

Shuningdek, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan hay’at yig‘ilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan edi hamda ushbu tajriba asosida bu yil yakunlari bo‘yicha Hay’ati yig‘ilishini ham hududda o‘tkazilishi haqida ma’lum qilindi.

Hay’at yig‘ilishida 2025-yilning I-yarim yilligida erishilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha hududiy madaniyat organlarining reytingi shakllantirilganligi, reyting natijalariga asosan Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari “past” natija ko‘rsatganligi munosabati bilan Samarqand va Jizzax viloyatlari madaniyat boshqarmasi boshliqlari, Sirdaryo viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, ko‘rsatkichlari “o‘rtacha” bahoni tashkil qilgan Toshkent, Surxondaryo va Namangan viloyati madaniyat boshqarmasi boshliqlari qat’iy ogohlantirildi.

Shu bilan birga, 2025-yil I yarim yillik davomida ko‘rsatkichlari “yaxshi” deb baholangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari madaniyat boshqarmalarining barcha xodimlari vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

So‘ng Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahar Madaniyat boshqarmalariga rahbarlar tayinlandi. Tayinlovga ko‘ra, Jizzax viloyati Madaniyat boshqarmasiga - Muhammadjon Egamqulov, Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasiga - Botir Tugalov, Surxondaryo viloyati Madaniyat boshqarmasiga - Umid Norboyev hamda Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasiga - Davron Sheraliyevlar rahbar etib tayinlandi.

“Har qanday yaratib berilayotgan imkoniyat va ko‘rsatilayotgan e’tibor, albatta, mas’uliyat yukini orttirishi kerak. Agar vijdonimizni o‘rtaga qo‘yib, xolis turib aytadigan bo‘lsak, bugun Davlatimiz Rahbari madaniyat va san’at sohasi uchun hamma imkoniyatlarni yaratib beryaptilar. Qanday takliflarimiz bo‘lsa qo‘llab-quvvatlayaptilar. Shunga yarasha har birimiz mas’uliyatni chuqur his qilib, natija ko‘rsatishimiz kerak. Belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlashimiz zarur! Yuqorida aytganimdek, ana shu natija, avvalo, xalqimiz hayotida ko‘rinsin. Aholimiz qilinayotgan sa’y-harakatlar samarasini sezsin. Shunday ekan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari boshliqlari, vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan yig‘ilish davomida ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirishlarini so‘rayman. Bu borada barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat tilayman” - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov Hay’at yig‘ilishi yakunida

Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash